Sotmoq mumkin emas qoldirmoq: nega bolalar «mahsulotga» aylanayapti va bu bilan qanday kurashish kerak?



Inson huquqlari umumjahon deklaratsiyasining 1 va 4-moddalari:
«Hamma odamlar o'z qadr-qimmati hamda huquqlarida erkin va teng bo'lib tug'iladilar. Ularga aql va vijdon ato qilingan, binobarin bir-birlariga nisbatan birodarlik ruhida munosabatda bo'lishlari kerak.»
Hech kim qullikda yoki erksiz holatda saqlanishi mumkin emas; qullik va qul savdosining barcha ko'rinishlari taqiqlanadi.
«Qush parvoz uchun, inson baxt uchun yaralgan»
O'zbekistonda bolalar savdosi so'nggi yillarning eng jiddiy muammolaridan biriga aylandi. Ommaviy axborot vositalarida yangi tug'ilgan chaqaloqlar va hatto katta bolalarni sotishga urinishlar haqida xabarlar tez-tez uchraydi.

Ijtimoiy tarmoqlardagi sharhlovchilar fikrlarida uyalmasdan gapirishayapti, ammo odamlar yaxshi hayotdan ushbu jinoiy qadamga borisharmidi?
Xususan, komissiya rahbari, O'zbekiston Oliy Majlisi Senati raisi Tanzila Narbayevaning so'zlariga ko'ra, 2019 yilda rasman bolalar savdosiga oid 72 holat qayd etilgan.

«Chaqaloqlarni sotish sabablarini o'rganayotganda, 19 holatda bu oiladagi og'ir sharoitlar bilan, 3 holatda - uy sotib olish zarurati bilan, 9 holatda - aybini yashirishga urinish bilan bog'liqligi ma'lum bo'ldi, 10 holatda - moddiy manfaatdorlik bunga sabab bo'lgan», - dedi u.

Garchi so'nggi yillarda O'zbekistonda bolalar savdosi mavzusi faol muhokama qilinayotgan bo'lsa-da, muammo azaldan mavjud bo'lib kelgan. Bunday ishlar to'g'risida huquqshunos Hikoyat Qodirova birinchi marta 1995-yilda, Adliya vazirligiga ishga kelganida eshitgan.

«Bu haqda qo'shni mamlakatlar - Tojikiston, Qirg'iziston bilan chegaradosh hududlardan ro'yxatga olish idoralari rahbarlari xabar berishdi. Ushbu hududlarda ko'pchilik bir-biriga qiz uzatgan, bolalar dunyoga keltirgan, Sobiq Ittifoq parchalanganidan keyin pasportlar, tug'ilganlik to'g'risidagi guvohnomalar berish va nikohni ro'yxatdan o'tkazishni hech bir tomon o'z zimmasiga olishni xohlamagan. Bu arosat edi».
So'x mojarosining huquqiy manfaatlari
Mutaxassisning so'zlariga ko'ra, bunday faktlar bir vaqtning o'zida uchta davlat - O'zbekiston, Tojikiston va Qirg'iziston bilan chegaradosh bo'lgan So'xda kuzatilgan. Surxondaryo - Uzun va Sariosiyo viloyatida ko'plab holatlar uchragan. Odamlar qaysi fuqarolikni olishni bilmas edi: masalan, xotin O'zbekistondan, er Tojikistondan, bola Qirg'izistonning O'sh shahrida tug'ilgan. Chorasizlikdan odamlar o'z farzandlarini qarindoshlariga yoki hatto ularni o'zlariga rasmiylashtira oladigan tanishlariga berishdi.

2003 yil boshida Hikoyat Qodirova bolalarning sotilishi haqida o'z mijozlaridan eshitgan. Bir juftlik farzand asrab olish uchun otasi va onasining notarial roziligi bilan, N. hududidan yangi tug'ilgan bolani olib kelishdi. Bola oilada to'rtinchi, qonuniy nikohda tug'ilgan. Boladan voz kechgan er-xotinning yana bir bolani boqish uchun mablaglari yo'q edi. Barcha hujjatlar joyida bo'lganligi sababli, vasiylik organi va hokimiyat orqali bola to'liq qonuniy asosda ro'yxatdan o'tkazildi.

«Qanchalik g'alati eshitilmasin, lekin juftlik menga o'sha paytdagi narxlarni aytishdi - qizlar 300 dollar, o'g'il bolalar "qimmatroq"- 500 dollar turardi. Taajjubda qolganimni ko'rib, bolasiz juftliklarga berishim uchun bola savdosi bilan shug'ullanadigan insonlarning raqamini berishmoqchi bo'lishdi.

Farzandlikka olish vasiylik orqali amalga oshirilib, tuman hokimining qaror qabul qilishi talab qilinganda, odamlar navbatda turar, go'daklar uyi va bolalar uylariga borib, u yerda o'zlariga farzand tanlardilar. 2013-yilda bu funksiya sudlarga o'tkazilib, noqonuniy «farzand asrab olish» holatlari ko'paygan. Fuqarolar odamlar bilib qolmasin deb sudga murojaat qilishni xohlamaydilar - u yerda ular qarindoshlari va do'stlari bilan uchrashishlari mumkin.

«Bizning mentalitetimizni o'zgartirish qiyin: odamlarimiz bola asrab olinganini begonalar bilishini qat'iyan istamaydilar, shuning uchun ular buni sir saqlaydilar. Va bolalar savdosi yana oshib ketdi. Mening fikrimcha, so'nggi uch yil ichida bunday 200 holatning oldi olindi. Bu rasmiy statistika. Aslida bunday holatlar yanada ko'p».

Xikoyat Qodirova.
Oila munosabatlari bo'yicha yurist
Bolalardan «iborat assortiment»
Anonim qolishnig istagan yuristning mulohazalari.
Ko'pincha, bolalarni sotish bo'yicha bitim tomonlari oilaviy masalalar bilan shug'ullanadigan advokatlardan yordam so'rashadi. Ismi sir qolishni istagan ushbu mutaxassislardan birining aytishicha, bir marta mijoz unga bir yoshli bolaning tug'ilganligi to'g'risidagi guvohnomaning haqiqiyligini tekshirish to'g'risida murojaat qilgan. Ayolning o'z farzandlari bo'lmagan, ammo Farg'ona vodiysida, olti oylik homilador bo'lgan bir ayol unga pul evaziga bola tug'ishni taklif qilgan. Darhaqiqat, kelishuv uch oydan so'ng amalga oshdi. Farg'onalik ayol mijoz ayolga guvohnomada ona sifatida u ko'rsatilgan holda yangi tug'ilgan chaqaloq - o'g'il bolani topshirdi. Biroq, olti oy o'tgach, bola zotiljamdan vafot etdi.

«Ayol bolaning o'limini og'ir kechirdi, ammo bir oy o'tgach, unga ayni yoshdagi boshqa bolani olib kelishdi va u o'sha guvohnoma bilan yashadi. Bung ishonish qiyin, ammo bu haqiqat,- deydi oilaviy ishlar bo'yicha huquqshunos.

Uning amaliyotida tug'ruqxona xodimi mijozga xususiy uylardan birida bola tanlashni taklif qilgan yana bir holat bo'lgan. Xonaga kirib, "mijoz" hayratda qoldi – uning oldiga yangi tug'ilgan olti nafar chaqaloqni "terib" qo'yishdi. Bunda aniq jinoyat alomatlari borligi sababli, ayol bunday kelishuvdan voz kechdi.

Yuristning so'zlariga ko'ra, unga chaqaloqlariga ota-ona topish iltimosi bilan ham yaqinda tug'ishi kerak ayollar murojaat qilardi. Eng qizig'i ularning aksariyati oilali edi.

Ikki hayotiy voqea
Ikki ayolning hikoyasi, ulardan biri bolasini sotib yuborgan, ikkinchisi farzandsizlik sababli bola sotib olgan.
Birinchi voqea: «Onalik instinkti sotiladimi?»
Bu yerda audioni tinglash mumkin.

Madina (qahramonning ismi uning iltimosiga ko'ra o'zgartirildi) O'zbekistonning bir viloyatida yashaydi. Uning uyi issiq va shinam, muzlatgichda doim oziq-ovqat bor, bolalarning ust-boshi but, qorni to'q, kichik biznes esa daromad olib keladi. Ammo bunday kunlarga kelishning o'zi bo'lmagan...

Madina tabassum bilan bolaligini eslaydi: ota-onasining katta uyi, xo'jaligi bo'lgan. U barcha bolalar singari maktabga borar, onasiga uy ishlarida yordam berar, o'rtoqlari bilan o'ynardi.

Qiz 17 yoshga to'lganda, uni uzatishdi. U hatto kollejda ham o'qimadi, faqat maktabni bitirdi.

Turmushining birinchi yilida Madina qiz tug'di. Eri va oilasining ko'ngli to'lmadi, chunki o'g'illar qadrliroq. "Qaynota va qaynonam qizimga e'tibor ham berishmasdi, qo'shnilar esa doimo qachon o'g'il tug'asiz, deb so'rashardi. Atrofdagilarning bosimi bilan bir yildan so'ng yana tug'dim. Yana qiz. Erim ajrashaman deb qo'rqitar, meni haqorat qilardi, barcha do'stlari uning ustidan kulayotganini aytib meni so'kardi, emishki ular: "o'g'il tug'dirolmasang qanday erkaksan"- deyisharkan.

Bir yarim yil o'tgach, Madina uchinchi bolasini tug'adi, u ham qiz edi. Shifokorlarning ogohlantirishlariga qaramay, erning yaqinlarining bosimi tugamasdi.

«Biz kamtargina yashardik, faqat erim va uning otasi ishlardi. Doimo pul yetishmasdi. Men ham ishlashni xohlardim, lekin bolalarga qarashim kerak edi. Qaynonam nevaralari bilan o'tirishdan bosh tortardi. Keyin to'rtinchisini tug'dim, nihoyat o'g'il. Biz juda baxtiyor edik", deb eslaydi qahramonimiz.

Biroq, xursandchiligimiz uzoqqa cho'zilmadi: shifokor o'g'illari yurak xastaligi bilan tug'ilganini aytdi.

"O'sha paytda dunyo ko'zimizga qorong'i bo'ldi. Barcha meni ayblardi. Erim ichim "chirik"ligini aytardi: avvaliga o'g'il tug'olmading, endi tug'ib ham kasal o'g'il tug'ding, - deb eslaydi Madina.

Topganimiz o'g'limizning sog'lig'iga sarflanardi. Bola ikki yoshga to'lganida, ayol ishlay boshladi. Ma'lumoti bo'lmaganligi sababli, u farrosh va idish-tovoq yuvuvchi sifatida ishlab pul topishga kirishdi. Pullari umuman hech nardaga yetmasdi. Ular qarzga kirib, eri ichadigan bo'lib qoladi.

Qo'shnimiz erimga ish taklif qilishi biz uchun najot buri bo'ldi.

"Qo'shnimiz erimni qo'shni davlatga ishlashga taklif qildi. Erim u yerga borib, ishga joylashdi. Har oy bizga pul jo'natardi, yashashimiz sal bo'lsa ham yaxshilandi. Biz uni deyarli ko'rmasdik. Ba'zan u bir necha oyga uyga kelib, yana ishlashga ketardi".

O'g'illari besh yoshga to'lgach, Madinaning turmush o'rtog'i uni ham yoniga chaqiradi. Ayol bolalarni qaynonasiga qoldirib, turmush o'rtog'ining yoniga kirdi.

Madina u yer-bu yerda ishlardi. Birgalikda er-xotin tuzuk pul topardi.

Keyinchalik Madinaning turmush o'rtog'i ish bo'yicha bir boy oila bilan tanishib qoladi, ular esa ish taklif qilishdi. Katta uyda er-xotinga xona berishdi. Madinaning eri xo'jalik ishlarida yordam bersa, ayol esa uy ishlari bilan mashg'ul edi.

Madinaning so'zlariga ko'ra, ularga ish berganlar ularga juda mehribon va yaxshi munosabatda bo'lishgan, oyliklarini vaqtida to'lashardi.

Katta uyda etishmagan yagona narsa - bolalar kulgisi edi. Uyning egalari uzoq vaqt davolanishdi, ammo bola ko'risha olmadi.

Kunlardan bir kun Madinaning mazasi bo'lmadi. Avvaliga u barini charchoqqa yo'ydi. Keyin ko'ngli ayniydigan bo'ldi. Test qilib ko'rsa, homilador ekan. Ishini yo'qotishdan qo'rqib, eri va uy egalaridan bu xabarni yashirishga qaror qildi. Ammo uy egasining ayolidan yashira olmadi. "Men oilamiz qanday yomon yashashini aytib berdim: uch qizimiz borligi va o'g'limizning kasalligi-yu, topgan pulimiz davolashga ketishini aytdim. Men undan homilani oldirishda yordam berishini so'radim.

Eshitganlaridan keyin uy egasi Madinaga baqira boshladi. – Hammagayam bunday baxt nasib etmaydi, sen esa tirik jonni o'ldirmoqchisan, - dedi ayol g'azablanib.

"Bir necha kundan keyin ayol menga ... kelishuv taklif qildi. U bolani o'zida qoldiradi va evaziga menga va oilamga g'amxo'rlik qilishini taklif etdi. U mendan bu haqda erimga aytmaslikni so'radi", deydi Madina.

Uyning egasi, shuningdek, Madinani, yangi tug'ilgan chaqaloqni ularga berishga rozi bo'lsa, uni biron narsaga muhtoj bo'lmasligiga ishontirdi. Madinaning eri hech narsa bilmasligi uchun uni va xotinini boshqa uyga yuborishga so'z berdi. Va ayollar o'sha yerda bola tug'ilguncha turishlari kerak edi. Madinaning eriga uy egasi ayol homilador bo'lgani va bola tug'ilguncha toza havoda bo'lishi kerakligini tushuntirib, Madinani ayoliga qarash uchun qo'yib yuborishga ko'ndiradi. Boshqa uyda homilador Madinaga yaxshi sharoyitlar qilib, shaxsiy shifokorni yollashgan.

Madina sog'lom kuchli bola tug'di. "Xo'jayining sharqiy qiyofasiga qarab boladan hech kim shubhalanmasdi, chunki xotini oq-sariq edi, - eslaydi qahramonimiz.

Keyin Madina yana o'sha birinchi uyga qaytdi. Uning so'zlariga ko'ra, uzoq paytgacha o'ziga kelolmasdi. "Men o'zimda emasdim. Ba'zan tanlovimdan voz kechmoqchi bo'lardim. Hatto bolani o'g'irlamoqchi bo'lib, qochish rejasini ham tuzdim. Ammo men unday qila olmadim. Bolaga nima bera olamiz?" deb shashtimdan qaytardim.

Hech qancha vaqt o'tmasdan Madina va uning turmush o'rtog'i vataniga qaytishdi.

Uy egalari ularni aldamadi – yaxshigina haq to'lashdi. Bu pulga uylarini ta'mirlashdi va kichik biznes ham ochishdi. Er-xotin u uyga boshqa borishmadi.

Ayol bol'gan voqeani hech kimga aytmadi. Uzoq payt u o'zi uchun sog'lom bola tug'olmay, birovlarga tug'ib berganidan hafa bo'lib ketardi. Madinaga tasalli beradigan yagona narsa - endi uning bolalari hech narsa muhtoj emas edi. Barcha qarzlaridan qutulishdi, qizlarga sep yig'ib qo'yishdi, o'g'illari kerak paytda davolanadi.

"Agar birov erishganlarimizga yetishish qanchalik qiyin bo'lganini bilsa edi. Onalik instinkti g'ayritabiiy bir nima deyishadi, lekin uni ham sotib olishingiz mumkin ekan. Albatta, u yaxshi hayotdan sotilmaydi".

Ikkinchi voqea: «Men shunchaki onalik baxtini orzu qilardim»
Odamlarni jinoyatqa qo'l urishga undaydigan yana bir muammo - O'zbekistonda bola asrab olish jarayonining murakkabligi.

Xilolaning (qahramonning ismi uning iltimosiga ko'ra o'zgartirildi) yoshi o'ttizdan oshgan. Qachondir unda bola asrab olish fikri paydo bo'ldi.

«Men bepusht bo'lib chiqdim... Buni birinchi turmushimda bilib qolganman. Bizning odatlarimizga ko'ra ilk nikoh kechasidayoq homilador bo'lishingiz kerak. Ammo men uddalamadim. Cheksiz tekshiruvlar, muolajalar, shifokorlar nazorati. Va bu bir necha yil davom etdi".

"Qusurli" kelin keraksiz bo'lib chiqdi. Bir necha yillik nikohdan keyin Hilolaning eri va uning ota-onasi ajrashishni talab qilishdi.

Ajrashganiga bir yil ham bo'lmadiki, unga yosh, uylanmagan yigit sovchi qo'ydi. Barchasi ortda qolganday edi. Ammo yangi kuyov ayoli hech qachon farzand ko'rolmasligini bilib qoldi va ular ajrashdi.

O'shanda ayol tushundiki: o'zing tug'a olmasang, ona bo'lolmaysan degani emas. U bolalar uyidan bola asrab olishga qaror qildi. Xilola bolalar uyi xodimlariga murojaat qildi.

Bola tanlash qanchalik g'alati tuyulmasin, men bolalar uyiga bordim. Men bir bolakay yoqib qoldi va bu haqda muassasa direktoriga aytdim.

Direktor unga kerakli hujjatlar olib kelishini tayinladi. Barcha kerakli qog'ozlarni bir necha oy davomida yig'ib, ularni bolalar uyiga rahbariyatiga taqdim etdi. Unga bir oy kutishni aytishdi.

Bir oy o'tdi, keyin ikkinchisi, beshinchisi, keyin.... Xilolaning barcha murojaatlariga "tez orada" degan javob berilardi.

"Vaqt, byurokratiya. Hammasi juda qiyin. Yaqinda bir tanishimiz mahallalarida bir qiynalib qolgan oilada ayol homilador bo'lib qolgani, oilaning uch nafar farzandi bo'lib, bu bola ular uchun ortiqcha ekanini aytadi.

Ilk uchrashuvdayoq Xilola shokka uchradi: ayol hali tug'ilmagan chaqaloqni pullashga tayyor edi.

"U homiladorlikning yettinchi oyida edi. Biz barcha tafsilotlarni muhokama qildik. Ikki oy o'tgach, u shahrimiz tug'ruqxonasida tug'di. Men u yerga keldim, biz hammasini men o'zim tug'gandek uyushtirdik. Bolani menga rasmiylashtirishdi. Bunda bizga tug'ruq bo'limi xodimlari yordam berishdi, albatta, tekinga emas".

Onalar baxtini his qilish Xilolaga 2000 dollarga aylandi va u bir kun ham qilgan ishidan afsuslanmaydi.

Hozir bola uch yoshda, u sog'lom, qiziquvchan, ajoyib - deydi ayol. Bola Xilola uning o'z onasi ekanligiga shubha qilmaydi.

Bolaning onasi bilan ayol boshqa uchrashmadi. "U pulini oldi va uni hech qachon bezovta qilmasligimni so'radi. Shuningdek, u hech kim bu haqda hech qachon bilmasligi uchun hamma narsani qilishni so'radi".

Aytgancha, bugun Xilola nafaqat ajoyib ona, balki mehribon va sevimli turmush o'rtog'i ham. Ayolning eri chaqaloqni o'z bolasiday yaxshi ko'radi va Xilola bolaning o'z onasi emasligini billamaydi.

"Uning fikricha, bola birinchi erdan tug'ilgan, hammasi shunday qolsin. Onalar baxtini his qilganimdan xursandman. Ha, mendan tug'ilmagan, lekin bu bola meniki, men u uchun haqiqiy onaga aylandim », - deydi ayol.

Statistika nima deydi?
Сhaqaloqlar va bolalar savdosi yil sayin ortib bormoqda.
Tanzila Narbayevaning ma'lumotlariga ko'ra, so'nggi besh yil ichida O'zbekistonda odam savdosi olti barobar kamaydi, ammo chaqaloq va bolalar savdosi yil sayin ortib bormoqda.

Shunday qilib, 2019-yilda o'tgan yilga nisbatan odam savdosi bilan bog'liq jinoyatlar soni kamaydi. Biroq, chaqaloq savdosi ko'rsatkichi o'sdi: 2018-yilda bunday huquqbuzarliklar odam savdosi sohasidagi barcha jinoyatlarning 38 foizini tashkil etgan bo'lsa, 2019-yilda - 43 foizni tashkil etdi.

Umuman olganda, 2017-2020-yillarda O'zbekistonda yangi tug'ilgan chaqaloqlar savdosiga oid 185 holat aniqlandi.

Birlashgan Millatlar Tashkilotining Giyohvandlik va jinoyatchilik bo'yicha boshqarmasining 2018-yil uchun Jahon odam savdosi to'g'risidagi hisobotiga ko'ra, 2014-2017-yillarda O'zbekistonda yangi tug'ilgan chaqaloqlarning savdosi qurbonlari soni 195 nafar chaqaloqni tashkil etdi.

Muammo bilan qanday kurashish kerak?
1
Iqtisodiyot
Albatta, odamlar bunday jinoyatlarga yaxshi hayotdan qo'l urmaydi.

Huquqshunos Xikoyat Qodirovaning so'zlariga ko'ra, bolalar savdosini yo'q qilish uchun odamlar boshqa mamlakatlarga ish izlab ketmasliklari uchun mamlakat iqtisodiyotini mustahkamlash zarur.

«Ikki yil oldin Moskvada bo'ldim. Bizdan ishlashga ketgan ayollar bilan suhbatlashdim. Vaziyat og'ir. Muammoning ildizi, shubhasiz, iqtisodiyotga taqaladi va ushbu muammo bo'yicha yagona davlat siyosatining yo'qligida. Bilasizmi, men ularni qoralay olmayman, chunki men ishsizlar, tanazzulga uchragan odamlarning ko'zlarida umidsizlikni ko'rdim ... Men O'zbekiston viloyatlaridan kelgan o'qituvchilar va hamshiralar bilan suhbatlashdim. Qanday qilib bunday kasblarga ega bo'lgan odamlar, boshqa mamlakatlarga ishlash uchun oilalarini, farzandlarini, ota-onalarini qoldirib ketishadi? "

2
Vasiylik va homiylik
Psixolog Liana Natroshvilining ta'kidlashicha, farzand asrab olish tartibini yengillashtirish orqali ham bolalar savdosi muammosini hal qilish mumkin.

«Masalan, rivojlangan mamlakatlarda homilador ayol ma'lum sabablarga ko'ra bolani o'zida qoldira olmaslik yoki istamasligini tushungan holda, bolasiga oilani tanlashi mumkin, uni asrab olish uchun rasman voz kechishi mumkin. Ya'ni, unga yaxshi hayotni tanlaydi. Shunday qilib, ayol bolaning bolalar uyida emas, balki ishonchli mehribon oilada bo'lishiga amin bo'ladi. U hatto uning hayotida ishtirok etishi, o'sishini kuzatishi mumkin. Farzandlikka olish instituti haqiqatan ham bolalar savdosi muammosida yordam berishi mumkin, chunki ayni paytda odamlar buni noqonuniy qilishmoqda".

Yangi tug'ilgan chaqaloqlar haqida gapiradigan bo'lsak, uni asrab olish paytigacha 9-12 oy vaqt o'tishi mumkin. Bolaga ona, mehribon qo'llar kerak bo'lgan hayotidagi eng muhim davrni u davlat muassasasida o'tkazadi. Bu bolaga juda ta'sir qiladi. Bolalar uyi xodimlari qancha urinishmasin, oila va ota-onalarning o'rnini bosa olmaydi. Ba'zi hollarda qo'ldan qo'lga, ya'ni yangi tug'ilgan chaqaloqni to'g'ridan-to'g'ri oilaga topshirish tartibi yordam berishi mumkin.

Bolalar uylarini moliyalashtirish o'rniga, homiylik va vasiylik tartibini yengillashtirish kerak, deydi huquqshunos X.Qodirova.

"Bizda qancha bolalar uylari, maktab-internatlar, nogironlar uylari bor? Bu muassasalardagi har bir bola uchun davlat juda katta pul sarflaydi. Agar ota-onalarga bu mablag'ning bir qismi ajratilganida edi hech kim hech qachon boshqa davlatga ish ilinjida ketmasdi.

Masalan, ona nogiron bolasiga o'zi qarasa, unga, adashmasam, eng kam ish haqining ikki barobari miqdorida nafaqa oladi, vaholanki davlat muassasasida ularga o'n baravar ko'proq pul sarflanadi. Xo'sh, nega bunday tashkilotlarni umuman yopmasligimiz kerak? Nega bolalarni munosib qo'llab-quvvatlash bilan o'z oilalarida qoldirmasligimiz kerak? "

Xikoyat Anatolyevnaning so'zlariga ko'ra, mehribonlik uylarida o'sgan bolalar umuman jamiyat va oilaviy hayotga moslashtirilmagan. 3-4 avloddagi bolalar uyidagi bolalar genomi allaqachon o'zgarib bo'lgan, shuning uchun ular keyingi avlodlarda umuman bolalariga befarq bo'lishadi. Buning uchun ularni ayblash to'g'ri emas - ularga xos bo'lmagan narsani talab qila olmaysiz. Asrab olgan oilalarda bolaga boshlang'ich hayot ko'nikmalari o'rgatiladi, deb hisoblaydi huquqshunos.

O'zbekiston Bola huquqlari to'g'risidagi konvensiyaga qo'shildi, mamlakatda, huquqshunosning so'zlariga ko'ra, bolalarga nisbatan yaxshi qonunlar mavjud. Faqatgina ijro etilishi juda ko'p narsani talab qiladi, chunki hech kim buni e'tibor qaratmayapti.

«Aks holda, bunday ko'rsatkichlar bo'lmasdi - bolalarning atigi 5-7 foizi bolalar uyidan chiqib ketayotganda o'zlarini topadilar, qolganlari yomon yo'lga kirib ketadi. Ammo ular orasida rasmiyatchilik sharoitida o'zini to'liq namoyon qila olmaydigan ko'plab iste'dodli va iqtidorli bolalar bor. Namoyon qila olsa ham uni rivojlanish uchun sharoit yo'q".

3
Jinsiy ta'lim
Iqtisodiyotni mustahkamlash bilan bir qatorda, yoshlarga jinsiy ta'lim berish sohasida ham ishlash muhimdir. Yangi tug'ilgan chaqaloqlarni sotish bilan bog'liq ko'plab jinoyatlar, oilani sharmanda qilmaslik uchun "homiladan qutulish" bilan bog'liq.

"Turmushga chiqmagan ko'plab qizlar homilador bo'lib, tug'ishadi va bolalarni tug'ruqxonalarda qoldirishadi. Agar o'xshamasa, ularni jamoat joylariga tashlashadi. Men uchun bu kashfiyot - axir men qayd qilish idoralarida ham, Davlat arxivida ham juda ko'p hujjatlarni ko'rdim. Bolalarni tashlab, sotib, o'lishga hukm qiladigan darajaga qachon yetib keldik?" – g'azablanadi Xikoyat Qodirova.

Psixolog Liana Natroshvili jinsiy tarbiya yoshlarni "buzishi" mumkinligi haqidagi O'zbekistonda keng tarqalgan afsonani rad etadi.

"Jinsiy tarbiya bolani buzadi, uning beg'uborligiga ta'sir qiladi degan fikr bor. Ammo biz chuqurroq qarashimiz kerak: bugungi 6-8 yoshli bolalar ancha bilimli. Men jinsiy tarbiyani vaziyatni yomonlashtiruvchi omil emas, balki himoya deb bilaman.

Albatta, jinsiy tarbiya mamlakatimizning madaniy xususiyatlari va bolaning yosh xususiyatlarini hisobga olgan holda, to'g'ri bo'lishi kerak. Ta'lim zararli bo'lishi mumkin emas, yoshlar kontratsepsiya, xavfsizlik to'g'risida bilishi foydali bo'ladi. "

Psixologning so'zlariga ko'ra, ta'limdan tashqari, o'spirin bepul davolanishi va maslahat uchun shifokorga murojaat qila olishi, kontratseptsiya va tibbiy yordamdan foydalanish imkoniyatiga ega bo'lishi kerak. Urf-odatlar va mentalitet tufayli qiz homilador bo'lib, bolani ko'taradi, tug'adi va keyin chaqaloqdan qutuladigan holatlar mavjud. Yoki, masalan, yosh yigit oshkoralikdan qo'rqib, shifokorga murojaat qilmaydi.

"Bu yerda tibbiy sir saqlanishi juda muhim, chunki ko'pchilik siri onasi, qo'shnilari va boshqalarga oshkor bo'lib qolishidan qo'rqadi."
Jinsiy tarbiya mavzusi juda muhim. Ommaviy axborot vositalari orqali davlat avval ota-onalar uchun ba'zi ma'rifiy tadbirlarni o'tkazishi mumkin, deya qo'shimcha qildi Liana.
Liana Natroshvili bilan videoni bu yerda ko'rish mumkin (havola)

4
Surrogat onalik – muammoning yechimi bo'la oladimi?

Surrogat onalikka kelsak, bu kaltakning ikki tomoni, deydi Xikoyat Qodirova.

«Homiladorlikning so'nggi bosqichlarida yoki tug'ilgandan keyin er-xotin boladan voz kechadigan holatlar uchraydi. Surrogat ona doim ham aslida begona bo'lgan bolani olishi mumkin emas. Yoki, aksincha, homiladorlik uchun to'lov majburiyatlari bajarilmagani tufayli onaning o'zi bolani biologik ota-onaga topshirishdan bosh tortishi mumkin».



Psixolog Liana Natroshvili bilan O'zbekistondagi bolalar savdosi muammosi bo'yicha intervyu (rus)
Yurist Muhammadali Maxmudov bilan bola savdosi mavzusida intervyu (rus)
Mavzu bo'yicha yangiliklar:
  1. Против бросившей в туалет ребенка узбекистанки возбуждено уголовное дело
  2. Молодая мать пыталась продать новорожденного ребенка под Ташкентом
  3. Мать задержана при попытке продать ребенка
  4. В Навои мать пыталась обменять своего ребенка на квартиру
  5. В Навои молодая мать пыталась продать своего ребенка за 3 млн сумов
  6. В Ташкенте мать пыталась продать младенца
  7. В Сурхандарье мать оставила новорожденного ребенка в мешке у дверей детского дома
  8. В Сурхандарье мужчина хотел продать своего двухлетнего ребенка за десятки миллионов сумов
  9. Мать пыталась продать ребёнка за $4000
  10. Мать задержана при попытке продать 13-летнего сына


Yana nima o'qish mumkin:
  1. Дорогой ребёнок. Почему в Узбекистане родители продают своих детей
  2. Почему нужно закрывать детдома
  3. Приговор сотрудникам детдома Маргилана призвали пересмотреть
Ushbu mavzu bo'yicha nima ko'rish mumkin:
  1. Дети на продажу. Документальный спецпроект
  2. "Детские товары". Фильм Михаила Чебоненко из цикла "НТВ-видение"
  3. "Специальный репортаж": ПРОДАМ РЕБЕНКА : Как продают и покупают детей в России
Loyiha mualliflari:
Jannat Rahimova
jurnalist, loyiha muallifi, "Tenglik.uz" asoschisi.
Samrin Mamedova

jurnalist, loyiha muallifi
Barcha ekspertlar, shuningdek videoni suratga olishda yordam bergani uchun Toshkentdagi Gyote-Institutiga o'z minnatdorchiligimizni bildiramiz.
This site was made on Tilda — a website builder that helps to create a website without any code
Create a website